
Prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda havo hujumidan mudofaa va harbiy aviatsiya tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Havo sarhadlarini himoya qilish va chegaralar daxlsizligini ta’minlash maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda.
Taqdimotda milliy kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Qarshi shahridagi Harbiy aviatsiya institutining o‘quv-moddiy bazasi xalqaro standartlar asosida jihozlangani qayd etildi. Institutda zamonaviy trenajyorlar, modellashtirish va simulyatsiya vositalari joriy qilingan.
Kursantlar nazariy bilim bilan birga amaliy ko‘nikmalarni ham egallamoqda. Ular «Xonobod» aerodromida tajribali mutaxassislar yordamida tayyorgarlikdan o‘tmoqda.
Havo mudofaasida yangi tizim

Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning yangi tizimini joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Bu choralar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyatini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, qo‘shinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyati kuchaytiriladi.
Yig‘ilishda harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Joriy yil yanvar oyida ikki davlat o‘rtasida harbiy tibbiyot bo‘yicha ta’lim va hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Bitim doirasida harbiy tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalashtirilmoqda. Davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika, hamshiralik va tibbiy kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlariga e’tibor qaratiladi.
Taqdimotda chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish takliflari ham muhokama qilindi. Bu jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Mutasaddilarga harbiy ta’lim tizimidagi islohotlarni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri safarbarlik davridagi fuqarolarning ish joyi saqlanishi kafolatlanishi haqida yozgan edi.