
OpenAI kompaniyasi AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga IPO uchun hujjat topshirdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Sam Altman boshqaruvidagi kompaniya Goldman Sachs va Morgan Stanley bilan hamkorlik qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, listing kuzdayoq amalga oshishi mumkin. Biroq OpenAI yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini bildirdi. Kompaniya hozircha IPO muddatini aniq belgilamagan.
«Biz vaqt bo‘yicha hali qaror qabul qilmadik. Bu biroz vaqt olishi mumkin, chunki xususiy kompaniya sifatida qilish osonroq bo‘lgan ishlar bor», — deyiladi OpenAI bayonotida.
Kompaniya IPO orqali sun’iy intellekt bozoridagi yirik o‘sish rejalarini moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. AI kompaniyalari hozir chiplar, data-markazlar va yangi avlod modellariga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda.
OpenAI 2022-yil oxirida ChatGPT’ni ishga tushirib, generativ sun’iy intellekt bozoridagi keskin o‘sishni boshlab bergan edi. Shunga qaramay, kompaniya Anthropic va Google kabi raqobatchilar bosimini his qilmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, OpenAI ayrim ichki daromad va foydalanuvchi o‘sishi maqsadlariga erisha olmagan. So‘nggi vaqtlarda kompaniyada bir necha muhim rahbarlar lavozimini tark etgan yoki rolini qisqartirgan.
OpenAI ommaviy savdoga chiqishdan oldin xodimlarga likvidlik yaratish uchun aksiyalar tender savdosini ham rejalashtirmoqda. Bu jarayon yaqin haftalarda boshlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Mask OpenAI’ga qarshi sudda yutqazgani haqida yozgan edi.