Yangiliklar

Qozog‘iston 60 mlrd dollarlik obligatsiya bozorini ochmoqda

2027-yildan mamlakat davlat obligatsiyalari Euroclear tizimi orqali xalqaro investorlar uchun ochiladi
Qozog‘iston qariyb 60 milliard dollarlik davlat qarz bozorini investorlar uchun ochadi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Qozog‘iston xalqaro investorlarni jalb qilish maqsadida $60 mlrdga yaqin baholanayotgan davlat obligatsiyalari bozorini investorlar uchun ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Euroclear orqali xalqaro bozorga chiqish

2027-yildan boshlab mamlakatning davlat obligatsiyalari dunyodagi eng yirik xalqaro depozitariylardan biri bo‘lgan Euroclear tizimi orqali savdo qilinishi mumkin bo‘ladi. Mazkur platforma har yili 1,7 trln yevrodan ortiq hajmdagi tranzaksiyalarni qayta ishlaydi.

Xorijiy investorlar ulushi oshishi kutilmoqda

Hozirda Qozog‘iston davlat qimmatli qog‘ozlaridagi xorijiy investorlar ulushi atigi 6-7 foizni tashkil etadi. Bank of America prognoziga ko‘ra, Euroclear tizimiga ulanishdan so‘ng bu ko‘rsatkich 20 – 25 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, keyingi bir yarim yil ichida mamlakatga qariyb $10 mlrd miqdorida sof xorijiy kapital oqimi kirib kelishi kutilmoqda.

Foto: CoinTrust

Boshqa mamlakatlar tajribasi

Mutaxassislar bu borada Rossiya tajribasini misol qilib keltirmoqda. Xususan, Rossiya 2013-yilda shunga o‘xshash tizimga qo‘shilgach, olti oy ichida $18 mlrd xorijiy investitsiyani jalb qilgan va davlat obligatsiyalaridagi norezidentlar ulushi 27-28 foizga yetgan.

ING bankining MDH mamlakatlari bo‘yicha bosh iqtisodchisi Dmitriy Dolginning ta’kidlashicha, Rossiyada Euroclear’ga qo‘shilish haqidagi e’lonning o‘zi ham xorijiy kapital oqimini besh baravar oshirgan. Shunga o‘xshash holatlar Chili, Peru va Saudiya Arabistonida ham kuzatilgan.

Biroq barcha mamlakatlarda natija bir xil bo‘lmagan. Masalan, Turkiya ham Euroclear tizimiga ulangan bo‘lsa-da, davlat obligatsiyalaridagi xorijiy investorlar ulushi inqirozgacha bo‘lgan 25 foizlik darajaga qayta olmagan.

Mahalliy investorlar uchun cheklovlar saqlanib qoladi

Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan islohotlardan asosan xorijiy investorlar manfaatdor bo‘ladi. Qozog‘istonlik xususiy investorlar esa Euroclear orqali jahon moliya bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Qimmatli qog‘ozlarga ikki tomonlama nominal egalik qilish bo‘yicha cheklovlar hozircha faqat xorijiy investorlar uchun bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston mintaqada ilk bor sun’iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazishi haqida yozgan edik.