Yangiliklar

Raqobat qo‘mitasi JCh – 2026 oldidan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

O‘zbekistonda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi
Raqobat qo‘mitasi JCh 2026 oldidan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Foto: iStock

Raqobat qo‘mitasi JCh – 2026 oldidan bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari hamda Telegram’dagi guruh va kanallarda bunday reklama materiallari ko‘paymoqda. Ularda sport natijalariga pul tikish, qisqa muddatda daromad topish yoki yirik yutuq va’da qilinmoqda.

Raqobat qo‘mitasi bunday materiallar fuqarolarni tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda qatnashishga undashini bildirdi. Ayniqsa, yirik sport musobaqalariga qiziqish ortgan davrda ayrim shaxslar bundan foydalanishga urinmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bu taqiq telekommunikatsiya tarmoqlari va internet orqali tashkil etiladigan o‘yinlarga ham tegishli.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni bukmekerlik xizmatlari va qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi shubhali reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Shuningdek, bunday materiallarni tarqatmaslik va ular haqida vakolatli organlarga xabar berish tavsiya qilindi.

Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan nashri uy-joy qurilishidan minglab norozilik murojaatlari kelib tushgani haqida yozgan edi.