
Toshkent shahrida tadbirkordan $5 ming pora talab qilganlikda gumonlanayotgan Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining ikki nafar inspektori qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inspektorlar xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga «Chilonzor buyum bozori kompleksi» AJ hududidan uchta savdo do‘konini ijaraga olishda yordam berishni va’da qilgan.

Ular o‘z tanishlari orqali tadbirkorga tegishli MChJning ochiq savdo tenderida g‘olib bo‘lishini ta’minlash hamda do‘konlarni ijaraga olish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirib berish evaziga $5 ming talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida soliq inspektorlari so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda IIB tergovchisi va advokat pora bilan qo‘lga tushgan edi.