
O‘zbekistonda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, ishga qabul qilish jarayonlarini shaffof qilish va sudlarga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi. Prezident farmoni bilan sudlarda komplayens nazorat xizmati tashkil etilishi belgilandi.
Farmonga ko‘ra, ushbu xizmat korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini nazorat qilish va qonunbuzilishlarning oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Komplayens nazorat xizmati Oliy sud apparatida 3 shtat birligidan iborat bo‘ladi. Shuningdek, hududiy sudlarda 15 ta komplayens inspektori lavozimi joriy qilinadi.
Farmon bilan sudlarda korrupsiyaviy xavf yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish, inson omilini kamaytirish va sud tizimiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Daromad va mol-mulk deklaratsiyasi yo‘lga qo‘yiladi
Yangi tizim doirasida sud apparati xodimlari hamda ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulki deklaratsiya qilinadi. Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash bo‘yicha ham alohida tizim yaratiladi.
2027-yilgacha sud apparati xodimlarining daromadlari va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma’lumotlarni qabul qilish va tekshirishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi. Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish bo‘yicha alohida elektron platforma yaratiladi.
Pora taklif qilingani yoki korrupsion holatlar haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Fuqarolar uchun ham xavfsiz aloqa kanallari yaratiladi.
Shu bilan birga, sud apparati xodimlarining kasbiy mas’uliyatini oshirish maqsadida mansab darajasiga ega xodimlar uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimi joriy etiladi.
Sud apparatiga ishga qabul qilish jarayonlari esa ochiq tanlov asosida tashkil etiladi. Nomzodlarning kasbiy bilimlari, halolligi va ma’naviy sifatlari baholanadi. Bu jarayonlarni raqamlashtirish uchun vacancy.sud.uz portali va «SudHR» platformasi ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilariga 5 yillik maxsus viza berilishi ma’lum qilingandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilinib, Senatga yuborildi.