
UzAuto Motors joriy yil boshida Yangi Damas 3 avtomobilini keng ommaga taqdim etdi. Kompaniyaning uzavtosavdo.uz platformasida ushbu modelni onlayn xarid qilish mumkinligi ko‘rsatiladi. «Kursiv» dilerlar bilan suhbatlashib naqd savdoda avtomobilni qancha paytda va qanday shaklda xarid qilish mumkinligi ochiqladi.
Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan dilerlar vakillariga ko‘ra, ushbu model uchun shartnoma oldindan 50 foiz qismi to‘langanda tuziladi. Avtomobil esa taxminan iyul oyining oxiri yoki avgust boshida chiqishi mumkin. Ularga ko‘ra, onlayn platformada ham shartnoma tuzilsa shu tartib amal qiladi.
Model haqida
Chevrolet Damas Move & Max O‘zbekiston bozorida 134 mln 439 ming so‘mdan taklif etilmoqda. Model kundalik ish, shahar ichidagi qatnov va shahar atrofi yo‘nalishlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan ixcham avtomobil hisoblanadi.

Avtomobil 1,2 va 1,5 litrli dvigatel variantlari bilan taklif qilinadi. Ular 81 va 103 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqaradi. Model 5 pog‘onali yoki 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Damas Move & Max amaliy platformasi bilan ajralib turadi. Uni yuk tashish va yo‘lovchi tashish uchun ishlatish mumkin. Shu sababli model kichik biznes, xizmat ko‘rsatish sohasi va kundalik ehtiyojlar uchun qulay yechim bo‘la oladi.
Avtomobilning bagaj bo‘limi hajmi versiyasiga qarab 496 litrdan 3050 litrgacha yetadi. Bu esa yengil tijoriy yuklarni tashishda qo‘shimcha imkoniyat beradi. Yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 6,5 litr atrofida ko‘rsatilgan.

Chevrolet Damas Move & Max tashqi dizayni kundalik foydalanishdagi amaliy vazifalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Avtomobil ko‘rinishi sodda va funksional. Unda ortiqcha bezaklar yo‘q, har bir detal aniq vazifaga ega.
Model shahar sharoitida harakatlanish uchun ixcham o‘lchamlarga ega. Bu tor ko‘chalar, avtoturargohlar va zich transport oqimida qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, salon va yuk bo‘limining amaliy tuzilishi avtomobilni ish jarayonida samarali ishlatishga yordam beradi.
Imkoniyatlari

Chevrolet Damas Move & Max asosiy faol va passiv xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Avtomobilda ABS tizimi mavjud. U keskin tormoz berilganda g‘ildiraklarning bloklanishini kamaytiradi va boshqaruvni saqlashga yordam beradi.
EBD tizimi esa tormoz kuchini o‘qlar o‘rtasida muvozanatli taqsimlaydi. Bu yuk bilan harakatlanganda tormozlash barqarorligini oshiradi. ESC elektron barqarorlik tizimi burilishlar va sirpanchiq yo‘llarda avtomobilning yo‘nalishini saqlashga ko‘maklashadi.
Modelda haydovchi va old yo‘lovchi uchun frontal xavfsizlik yostiqchalari ham nazarda tutilgan. Damas Max versiyasida kabina va yuk bo‘limi o‘rtasida maxsus to‘siq mavjud. Bu yuk tashishda xavfsizlikni oshiradi va ish zonasini ajratib turadi.

Chevrolet onlayn xarid xizmatini ham taklif qiladi. Xaridor rasmiy dilerlardagi takliflarni sayt orqali ko‘rib chiqishi va avtomobilni masofadan tanlashi mumkin. Onlayn bitim jarayonida shaxsiy menejer mijozga hamrohlik qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilining narxi pasaygani haqida yozgan edi.