
2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
10-iyundan boshlab umumta’lim maktablarining joriy yilgi 9-sinf bitiruvchilari akademik litseylarga hujjatlarni my.edu.uz portali orqali onlayn topshirishi mumkin. Abituriyentlar tizimda ID-karta yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ma’lumotlari asosida ro‘yxatdan o‘tadi.
Hujjat topshirish jarayonida 3,5×4,5 sm o‘lchamdagi bitta rangli fotosurat yuklanadi. Shuningdek, mavjud bo‘lsa, fan olimpiadalari g‘olibligini tasdiqlovchi diplomlar, chet tillari yoki umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlar ham taqdim etilishi mumkin. Ushbu hujjatlar ayrim hollarda imtiyozli kirish huquqini beradi.
Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda uchtagacha akademik litseyni tanlash imkoniyatiga ega. Bunda har bir litsey uchun bittadan mos yo‘nalish tanlanadi va tanlangan yo‘nalishlarning ta’lim tili bir xil bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, abituriyent kirish test sinovini qaysi chet tilidan topshirishini ham belgilaydi.
Kirish test sinovlari abituriyent tomonidan tanlangan hududda tashkil qilinadi. Qabul jarayonlari 10-iyulga qadar, shu kunni ham hisobga olgan holda davom etadi.
Qayd etilishicha, qabul jarayonlariga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni akademik litseylar huzuridagi «Maslahat markazlari» orqali olish mumkin. Shuningdek, qabul kvotalari, fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni va baholash mezonlari bo‘yicha ma’lumotlar ham e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq akademik litsey o‘quvchilari uchun yangi imkoniyatlar joriy etilgani haqida xabar bergan edik.