
Apple App Store uchun Personalized Collections nomli yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Ushbu funksiya foydalanuvchilarning qiziqishlari va ilovalardan foydalanish odatlariga qarab moslashtirilgan ilova hamda o‘yinlar tavsiyalarini taklif etadi.
Yangi tavsiyalar App Store’ning Apps, Games va Search bo‘limlarida ko‘rsatiladi. Shuningdek, har bir tavsiya bilan birga App Notes izohlari ham taqdim etiladi. Ular foydalanuvchiga aynan nima sababdan muayyan ilova yoki o‘yin tavsiya etilganini tushuntirib beradi. Tavsiyalar vaqt o‘tishi bilan foydalanuvchining yuklab olgan ilovalari asosida yangilanib boradi.
Personalized Collections funksiyasi shu haftadan boshlab AQShda ingliz tilidagi foydalanuvchilar uchun bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Kompaniya kelgusida ushbu imkoniyat boshqa tillar va hududlar uchun ham taqdim etilishini ma’lum qildi.
Yil oxirigacha ishlab chiquvchilar o‘z ilovalarini App Store’da boyitilgan tasvir va videolar yordamida namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, guruhlar va tashkilotlar uchun mo‘ljallangan yangi obuna variantlari ham joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sanksiyalar ortidan «MAX» messenjeri App Store’dan olib tashlangani haqida yozgan edik.