
AQSh Davlat departamenti biznes va sayyohlik vizalarini olishni istagan xorijliklar uchun yangi tezlashtirilgan xizmatni ishga tushirmoqda. Associated Press xabariga ko‘ra, ushbu xizmatdan foydalanish uchun qo‘shimcha $750 to‘lash talab etiladi.
Davlat departamenti e’lon qilayotgan pilot dasturga ko‘ra, viza arizachilari odatdagi $185 lik konsullik yig‘imidan tashqari yana $750 to‘lab, suhbat uchun 10 kun ichida navbat olishi mumkin bo‘ladi.
Dastur 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha amal qiladi. Xizmat dastlab AQShning ayrim elchixonalari va konsulliklarida joriy etiladi. Qaysi diplomatik vakolatxonalarda ushbu imkoniyat mavjud bo‘lishi keyinroq ma’lum qilinadi.
Biroq tezlashtirilgan xizmat viza, albatta, beriladi degani emas. U faqat suhbat sanasini tezroq olish imkonini yaratadi.
So‘nggi yillarda AQShga kirish qoidalari qat’iylashtirilgani sabab viza ko‘rib chiqish jarayonlari ko‘plab mamlakatlarda cho‘zilib ketgan. Ayrim hollarda suhbat uchun navbatni bir necha oy kutishga to‘g‘ri kelmoqda.
AQSh rasmiylari yangi xizmat viza olish jarayonidagi kutish muddatlarini qisqartirishga yordam berishini kutmoqda. Agar dasturga talab yuqori bo‘lsa, uning amal qilish muddati uzaytirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Green Card olish tartibiga oid yangi siyosatni e’lon qilgandi. Yangi ko‘rsatmaga ko‘ra, AQShda vaqtinchalik viza bilan yashayotgan chet elliklar Green karta olish uchun odatda o‘z mamlakatiga qaytishi kerak bo‘ladi. Faqat istisno holatlardagina arizani AQSh hududida topshirishga ruxsat berilishi mumkin.