
Fitch Ratings agentligi «Aloqabank»ning kelajakdagi xususiylashtirilishi bo‘yicha rejalar qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, bankning rivojlanish banki sifatidagi yangi roli uning davlat tasarrufida qolish ehtimolini oshirmoqda.
Fitch Ratings O‘zbekistonning yettita davlat banki reytinglari prognozini «Barqaror»dan «Ijobiy»ga o‘zgartirdi. Bunga O‘zbekiston suveren reytingi prognozining ham «Ijobiy»ga ko‘tarilgani sabab bo‘lgan.
Agentlik hisobotida qayd etilishicha, hukumat «Aloqabank» va «Turonbank»dagi nazorat paketlarini 2030-yilgacha xorijiy strategik investorlarga sotishni rejalashtirgan. Biroq Fitch bu jarayon yaqin yillarda amalga oshishini kutmayapti.
Tahlilchilarga ko‘ra, yirik davlat banklari xususiylashtirilmaguncha ushbu banklarni sotish ehtimoli past. Bundan tashqari, banklarni sotuvga tayyorlash uchun ularning biznes modelini tubdan o‘zgartirish talab etiladi va bu bir necha yil vaqt olishi mumkin.
Fitch ayniqsa, «Aloqabank» bo‘yicha alohida to‘xtalib, 2025-yilda unga rivojlanish banki maqomi berilgani xususiylashtirish istiqbollarini yanada kamaytirganini ta’kidladi.
Agentlik fikricha, hukumat oxir-oqibat «Aloqabank»ni xususiylashtirish rejasidan butunlay voz kechishi ham mumkin.
Hisobotda qayd etilishicha, bank davlatning asosiy mulkida qolayotgan ekan, unga davlat tomonidan moliyaviy va kapital ko‘magini ko‘rsatish davom etadi. Shu sababli Fitch «Aloqabank»ning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish darajasini yuqori deb baholamoqda.
Shuningdek, agentlik O‘zbekiston hukumati davlat banklarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kuchayib borayotganini qayd etib, bu omil banklar reytinglari prognozining yaxshilanishiga asos bo‘lganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirish rejalashtirilmagan. Bu haqda joriy yilning 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ma’lum qilindi.
Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud. Bular «Milliybank», «Agrobank», «Sanoatqurilishbank», «Asakabank», Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Turonbank» hisoblanadi.