Yangiliklar

Iordaniya Eron tomonidan uchirilgan beshta raketani tutib qoldi

Eron hududidan uchirilgan beshta raketa Ez-Zarqa viloyatidagi Al-Azraq hududi tomon yo‘nalgan
Iordaniya Eron tomonidan uchirilgan beshta raketani tutib qoldi
Foto: Anadolu

Iordaniya Qurolli kuchlari mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan uchirilgan beshta raketani tutib, yo‘q qilganini bildirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Iordaniya armiyasining yozma bayonotida aytilishicha, Eron hududidan uchirilgan beshta raketa Ez-Zarqa viloyatidagi Al-Azraq hududi tomon yo‘nalgan. Raketalar Iordaniya havo mudofaasi vositalari orqali zararsizlantirilgan.

Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, urib tushirilgan raketalarning parchalari odamlar orasida qurbonlar yoki moddiy zarar keltirib chiqarmagan. Bayonotda Iordaniya Qurolli kuchlari mamlakat havo hududini himoya qilishga tayyor ekani ham ta’kidlangan.

Avvalroq AQSh harbiylari Apache vertolyoti bilan bog‘liq hodisaga javoban Eron hududidagi nishonlarga zarbalar bergani haqida xabar qilingan edi.

Eron esa ushbu hujumlarga javoban Iordaniya hududida joylashgan Muvaffaq Salti nomli Amerika harbiy bazasiga raketa zarbasi berganini ma’lum qilgan.

Mazkur voqealar AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik ortib borayotgan bir paytda yuz berdi. Iordaniya hududidagi Amerika harbiy obyektining nishonga olingani mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini yanada murakkablashtirishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» nashri AQSh harbiylari Eron hududiga zarbalar bergani haqida yozgan edi.