Yangiliklar

JCh – 2026 da muxlislar ismi stadion tablosida paydo bo‘lishi mumkin

Xizmat narxi $79 ni tashkil qiladi
JCh – 2026da muxlislar ismi stadion tablosida paydo bo‘lishi mumkin / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

JCh – 2026 muxlislari pullik xizmat evaziga ismlarini stadion ekranlarida namoyish qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda InKorr nashri ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, turnir davomida muxlislar $79 evaziga o‘z ismlarini stadionning yirik ekranlarida namoyish qildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. «Super Shoutout» deb nomlangan ushbu xizmat AQSh, Meksika va Kanadadagi 16 stadionda o‘tkaziladigan guruh bosqichining barcha 72 uchrashuvi uchun amal qiladi.

Muxlislarning ismlari o‘yinoldi mashg‘ulotlari vaqtida stadion tablosida ko‘rsatiladi. FIFA talablariga ko‘ra, yuboriladigan xabarlar 30 belgidan oshmasligi kerak va ularda emojilardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Tashkilot mazkur tashabbusni muxlislarni turnirga yanada faol jalb etish maqsadida yo‘lga qo‘yayotganini bildirgan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangilik turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar «Super Shoutout» xizmatini FIFA uchun qo‘shimcha daromad manbai sifatida baholab, tashkilot allaqachon translyatsiya huquqlari, homiylik shartnomalari va chiptalar savdosidan katta mablag‘ olayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq JCh – 2026 stadionlariga suv idishlarini olib kirish taqiqlangan edi.