
Adliya vazirligi fond birjasi, birjadan tashqari savdo tashkilotchisi va investitsiya maslahatchilari faoliyatiga oid yangi nizomlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Endilikda fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi sifatida ishlash uchun yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga litsenziya beriladi.
Litsenziya talabgori ustav fondini BHMning 5 800 baravari miqdorida pul mablag‘i shaklida shakllantirishi kerak. Shuningdek, ulushlarni sotish, rahbarlar almashinuvi va boshqa muhim masalalar litsenziyalovchi organ bilan kelishiladi.
Nizomda litsenziya oluvchi tashkilotlarning ustav kapitali uchun bosqichma-bosqich oshib boruvchi talablar joriy etildi:
- 2026-yil 1-iyuldan — BHMning 3 000 baravari;
- 2027-yil 1-iyuldan — BHMning 4 000 baravari;
- 2028-yil 1-iyuldan — BHMning 6 000 baravari.
Ustav kapitali pul mablag‘lari shaklida shakllantirilishi lozim.
Litsenziya oluvchi tashkilotda kamida bitta ichki nazorat uchun mas’ul xodim bo‘lishi shart. Shuningdek, kompaniya qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilishi kerak.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi litsenziya olish uchun topshirilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirmaydi. Litsenziya berish yoki rad etish haqidagi qaror ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 ish kuni ichida qabul qilinadi. Litsenziya QR-kod bilan elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Investitsiya maslahatchilari uchun yangi talablar
Investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlash yoki tugatish uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga elektron xabarnoma yuborish tartibi belgilandi.
Investitsiya maslahatchisi bo‘lishni istagan yuridik shaxslar OneID orqali maxsus axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi. Talablarga mos xabarnoma shu kunning o‘zida qabul qilinadi va 1 ish kuni ichida elektron tasdiqnoma beriladi.
Bunday tashkilot kamida 50 mln so‘m o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi, ichki hisob va nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi hamda qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari bilan elektron hamkorlik qila olishi kerak.
Rahbar va mutaxassislar malaka talablariga javob berishi, iqtisodiy yoki korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlanmagan bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 26-maydan 5-iyungacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 4,07 foizga oshdi.