
Namangan viloyati va Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan, hujjatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarining muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda MCHJ rahbari bo‘lgan fuqaro «Yangiobod» MFY hududidagi dorixonasida umumiy qiymati 452 mln so‘mlik 1 011 turdagi dori vositalarini savdoga qo‘ygani aniqlangan.
Ushbu dori vositalarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan. Holat yuzasidan dorilar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Yana bir holat Toshkent shahrida aniqlangan. Departamentning Sergeli tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari bo‘lgan shaxs Yangihayot tumanidagi dorixonasida «Tetsentrik» nomli dori vositasini shifokor retseptisiz $9 150 ga sotgan vaqtida ushlangan.
Tekshiruv davomida ushbu dorixonadan umumiy qiymati 309,3 mln so‘mlik 41 turdagi sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bundan tashqari, yana bir MCHJ mas’ul shaxslari G‘ofir Diyor ko‘chasidagi dori vositalarini qadoqlash sexida umumiy qiymati 139,4 mln so‘mlik 100 turdagi dori vositalarini saqlab kelgani aniqlangan. Ushbu dorilar davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan hamda ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan.
Mazkur dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent viloyatida 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.