Investitsiyalar

O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Jami 200 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi rejalashtirilgan
Contact Finance korporativ obligatsiyalar orqali 10 mlrd so‘m jalb qilmoqda
Foto: depositphotos

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «UMRC SPV» MChJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish to‘g‘risidagi qarorini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Ushbu obligatsiyalar «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ huzurida tashkil etilgan maxsus vakolatli tashkilot tomonidan chiqariladi.

Bu O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilish asosida chiqarilayotgan birinchi ipoteka obligatsiyalari hisoblanadi.

Pilot loyiha doirasida respublikadagi beshta bankning ipoteka kreditlari asosida jami 200 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki emissiya Xalq banki tomonidan ajratilgan 40,5 mlrd so‘mlik ipoteka kreditlari portfeli asosida amalga oshiriladi.

Ipoteka obligatsiyalari banklarga ipoteka kreditlari portfelini kapital bozori orqali qayta moliyalashtirish imkonini beradi.

Bu esa banklar uchun qo‘shimcha resurs jalb qilish, yangi ipoteka kreditlari ajratish va uy-joy bozorini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, investorlar uchun kapital bozorida yangi investitsiya instrumenti paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yili «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning shuba korxonasi beshta bank tomonidan berilgan ipoteka kreditlari asosida 1 trillion so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini chiqarilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, ILMA ipoteka obligatsiyalarini emissiya qilish va muomalaga chiqarish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim – «Tartibga solish qumdoni» doirasida vaqtinchalik nizomni tasdiqladi.