Yangiliklar

Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba berdi: qurbonlar bor

Qurbonlar soni bo‘yicha ikki tomondan ikki xil ma’lumot sizdirilmoqda
Sulh ortidan yangi hujumlar: Livanda urush qurbonlari soni 3 mingdan oshdi
Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba berdi: ikki tomonda ham qurbonlar bor / Foto: PBS

Pokistonning Afg‘oniston hududiga bergan havo zarbalari oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 14 kishi jarohatlandi. Tomonlar hujumlar nishoni va qurbonlar haqida turlicha ma’lumot bermoqda, deya xabar berdi Reuters.

Afg‘onistonning Tolibon hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 10-iyun kuni Pokiston harbiylari Kunar, Xost va Paktika viloyatlariga havo zarbalari bergan. Hujumlar oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan, ulardan 11 nafari bolalar ekani aytilmoqda. Shuningdek, ayollar va bolalardan iborat yana kamida 14 kishi jarohat olgan.

Tolibon vakilining ta’kidlashicha, zarbalar Afg‘oniston havo hududini buzgan holda tinch aholi yashaydigan uylarni nishonga olgan. Hujumlardan biri yarim tundan keyin Xost viloyati Spera tumanidagi bir cho‘pon oilasi yashaydigan uyga berilgan. Oqibatda ayollar va bolalarni ham o‘z ichiga olgan 10 kishi halok bo‘lgan.

Pokiston esa operatsiya davomida chegaraga yaqin hududlardagi jangarilar yashiringan maskanlarga aniq zarbalar berilganini ma’lum qildi. Mamlakat axborot vazirining bildirishicha, ishonchli razvedka ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan hujumlar natijasida kamida 26 nafar jangari yo‘q qilingan. To‘rtta obyekt, jumladan, o‘quv markazi, yashirin boshpana va o‘q-dorilar ombori butunlay vayron qilingan.

Ma’lumot uchun, Islomobod Kobulni Pokistonga qarshi hujumlar uyushtirayotgan qurolli guruhlarga boshpana berishda ayblab keladi. Afg‘oniston tomoni esa bu ayblovlarni rad etib, Pokistondagi xavfsizlik muammolarini mamlakatning ichki masalasi deb hisoblashini bildirgan.

Mazkur voqea ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi taranglikni yuzaga keltirdi. Mart oyidan buyon Xitoy vositachiligida tomonlar keskinlikni yumshatish bo‘yicha muloqot olib borayotgan bo‘lsa-da, 2600 kilometrga cho‘zilgan umumiy chegara bo‘ylab vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda xudkushlik hujumi sababli kamida 23 kishi halok bo‘lgan edi. Prezident Pokistondagi terakt munosabati bilan ta’ziya bildirgan.