Yangiliklar

Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni oshirishga tayyor

Avvalroq Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov aprel oyida qo‘shma yig‘ilish o‘tkazgan edi
Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni oshirishga tayyor
Foto: Pexels

Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish hajmini oshirishga tayyor. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Erlan Akkenjenovga tayanib «Kommersant» ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomonida buning uchun zarur imkoniyat mavjud. Vazir gaz yetkazib berish hajmini oshirish masalasi, avvalo, transport infratuzilmasi imkoniyatlariga bog‘liqligini ta’kidladi.

«Bizda bunday imkoniyat bor, hammasi transport infratuzilmasiga bog‘liq. Qozog‘iston tomonida buning uchun hammasi tayyor. Hozircha bilishimcha, Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan mustaqil muzokaralar olib bormoqda», — dedi Akkenjenov.

Vazirning aytishicha, gap Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini yiliga 11 mlrd kub metrgacha oshirish haqida ketmoqda.

Avvalroq Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov aprel oyida qo‘shma yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda tomonlar yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda Rossiyadan O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.

Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazilishi Qozog‘iston hududi orqali amalga oshiriladi. Shu bois tranzit hajmini oshirishda Qozog‘iston gaz transport infratuzilmasining tayyorligi muhim ahamiyatga ega.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning Rossiyadan gaz importi 15 foizga oshgani haqida yozgan edi.