Yangiliklar

«Rus inqilobi xronikalari» seriali prodyuserlari TEFI mukofotini qo‘lga kiritdi

Serial 2022-yil kuzidan 2023-yil yozigacha suratga olingan
Хроники русской революции
«Rus inqilobi xronikalari» seriali prodyuserlari TEFI mukofotini qo‘lga kiritdi / Foto: Ivi

Alisher Usmonov, Anton Zlatopolskiy, Eduard Iloyan va Olesya Gidrat «Rus inqilobi xronikalari» («Хроники русской революции») ko‘p qismli filmi uchun TEFI mukofotining «Serial prodyuseri» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Serialning o‘zi ham «Eng yaxshi tarixiy serial» nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ldi. Kartina rejissyori Andrey Konchalovskiy esa «Eng yaxshi rejissyor» deb e’tirof etildi.

Serial suratga olish ishlari 2022-yil kuzidan 2023-yil yozigacha davom etgan. Tasvirga olish jarayonlari kinopavilyonlarda, shuningdek, Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida amalga oshirilgan. Bir vaqtning o‘zida suratga olish maydonchasida ming nafargacha mutaxassis va ijodiy jamoa a’zolari ishlagan.

Хроники русской революции | Трейлер | Смотрите с 10 октября на START @START_SHOWS

«Rus inqilobi xronikalari» serialining premyerasi o‘tgan yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan. Asar syujeti Romanovlar sulolasining qulash jarayoni, yangi hokimiyatning shakllanishi va o‘sha davrda yashagan insonlar taqdiriga bag‘ishlangan.

Voqealar 1905-yildan boshlanadi. Asosiy qahramonlardan biri Mixail Proxorov imperator Nikolay II ni inqilobchilardan himoya qilish uchun tashkil etilgan maxsus bo‘limga rahbarlik qiladi. Unga qarshi tomon esa Ariadna Slavina boshchiligida Rossiya samoderjaviyasiga qarshi provokatsiyalar tayyorlaydi.

Inqilobchilar bilan kurash jarayonida Proxorov turli siyosiy fitnalar markaziga tushib qoladi. Syujetda Grigoriy Rasputin, Pyotr Stolipin, Lev Trotskiy va Vladimir Lenin kabi tarixiy shaxslar taqdiri ham o‘zaro chambarchas bog‘langan holda tasvirlangan.

Serial voqealari ikki inqilob davrini, Birinchi jahon urushini hamda Sovet Ittifoqining shakllanish jarayonini qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 79-Kann kinofestivali g‘oliblari e’lon qilingan edi.