Xavfsizlik

Toshkent viloyatida 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Toshkent viloyatida 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Foto: DXX

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 10 kg kumushni noqonuniy ravishda sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va bojxona organlari hamkorligida Zangiota tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida qimmatbaho metallarning noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan shaxs 13 dona quyma bo‘lak ko‘rinishidagi jami 10 kg 35 gr kumushni maxsus xaridorga sotmoqchi bo‘lgan. U qimmatbaho metallni $20,8 ming evaziga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu kumushning umumiy qiymati 235 mln 229 ming so‘mni tashkil etadi. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu shaxs zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi ekani aniqlangan.

Korxonada oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berib kelingan. Biroq MCHJda affinaj, ya’ni qimmatbaho metallarni turli aralashmalardan tozalab, yuqori darajadagi sof metall ajratib olish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, mazkur manzilda umumiy qiymati 3 mlrd 483 mln so‘mlik 58 kg kumush va 2,2 kg oltin borligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Kursiv» sotuvchi 198 million so‘mlik mahsulotlarni sotib yuborgani aniqlangani haqida yozgandi.