
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xorijiy investorlarga yer munosabatlariga oid huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyiha bilan xorijiy investorlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga doir huquqlari Yer kodeksida alohida tartibga solinmoqda.
Hujjatda xorijiy investorlar tomonidan yer uchastkalarini ijaraga olish asoslari va shartlari ham belgilanadi. Asosiy yangiliklardan biri bu investorlarga yer uchastkalarini ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ham 49 yil muddatga ijaraga berish mustahkamlanmoqda. Amaldagi tartibda bu muddat 30 yil etib belgilangan.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasi yer munosabatlarida shaffoflikni oshirish, investorlar uchun huquqiy aniqlik yaratish va yangi ish o‘rinlari tashkil etishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni 49 yil muddatga ijaraga berish haqida Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilingandi.