
General Motors Braziliyada 2027-yilgi Chevrolet Onix Pro modelini taqdim etdi. GM Authority’ga ko‘ra, yangi versiya Onix xetchbekining boshlang‘ich komplektatsiyasi asosida yaratilgan, ammo ko‘proq qulaylik va jihozlarga ega.
Onix Pro 1,0 litrli atmosfera benzin dvigateli bilan jihozlangan. Model 16 dyuymli yengil qotishmali disklar, orqa ko‘rish kamerasi hamda mato va sun’iy charm aralash qoplamali o‘rindiqlar bilan taklif etiladi.
Shuningdek, avtomobilda yaqinlik kaliti, tugma orqali dvigatelni ishga tushirish, oltita xavfsizlik yostiqchasi, OnStar tizimi va Wi-Fi hotspot mavjud.

GM vakillariga ko‘ra, Onix Pro arzonroq model tanlaydigan, lekin avtomobili oddiy ko‘rinishini istamaydigan xaridorlar uchun mo‘ljallangan.
Chevrolet Onix Pro Braziliyada rasmiy dilerlarda sotuvga chiqdi. Model atigi 3,7 ming dona miqdorda ishlab chiqariladi.

Hozircha ushbu versiyani Braziliyadan tashqarida sotish rejalashtirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Onix Plus 2027 narxlari ochiqlangandi. Sedan yangi Eco versiyasiga ega bo‘ldi, ayrim komplektatsiyalar yangilandi, narxlar esa $20,5 mingdan boshlanadi.