
Surxondaryo viloyatida 205 tonna un mahsulotini birja savdolariga qo‘ymasdan sotgan korxonaga nisbatan ta’sir chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish tartibiga rioya etilishi hamda narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha doimiy monitoring olib bormoqda.
Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda «Denov Oltin don» MChJ faoliyatida qonunbuzilish alomatlari aniqlangan. Korxona 2025-yil oktabridan 2026-yil 31 martga qadar Jamg‘arma hisobidan birja savdolari orqali 273 tonna bug‘doy sotib olgan.
Belgilangan me’yorga ko‘ra, ushbu bug‘doydan 205 tonna un mahsuloti ishlab chiqarilishi va u birja savdolariga qo‘yilishi lozim bo‘lgan. Biroq korxona ushbu unni birja orqali sotmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida realizatsiya qilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «Denov oltin don» MChJ 205 tonna un mahsulotini jami 634 mln so‘mdan ortiq mablag‘ga sotgan.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Ishni ko‘rib chiqish natijasida korxonaga nisbatan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan tarixiy shaxslar aks etgan dori reklamasi uchun jarima qo‘llangani haqida yozgandi.