
Andijon viloyatining Marhamat tumanida tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasa hududida 4 nafar texnik xodim oqova va chiqindi suvlar to‘planadigan bunkerni tozalash vaqtida vafot etdi.
Andijon viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 10-iyun kuni soat 11:00 atrofida Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi hududida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, muassasa qorovullari Q.Mamajonov, L.Qosimov, haydovchi I.Nishonov hamda elektr muhandisi M.Matxoliqov oqova va chiqindi suvlar to‘planadigan bunkerni tozalash va ta’mirlash uchun uning ichiga tushgan.
Ular bunker ichida zaharlanib, suyuq chiqindi ichiga tushib ketgani va voqea joyida vafot etgani aytilmoqda.
Tezkor qutqaruv harakatlari davomida marhumlarning jasadlari bunker ichidan olib chiqilgan. O‘lim sabablarini va hodisaning boshqa tafsilotlarini aniqlash uchun sud-tibbiy hamda boshqa zarur ekspertizalar tayinlangan.
Viloyat hokimining topshirig‘i bilan voqea joyiga viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borib, holatni o‘rgangan. Shuningdek, marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirilgan va dafn marosimlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar hal etilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi nazoratiga olingan. Yakuniy natijalar bo‘yicha aybdor shaxslarga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamashida 3 yoshli bola bog‘cha mashinasida qolib ketib vafot etgandi. Qayd etilishicha, muassasa rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransportda tashish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha avvaldan ogohlantirib kelingan. Biroq joriy yil 4-iyun kuni bog‘chaga qatnovchi 3 yoshli bola transport vositasida qolib ketgan.