Yangiliklar

AQSh Eronni ketma-ket ikkinchi kecha bombardimon qildi

AQSH Markaziy qo‘mondonligi zarbalar Toshkent vaqti bilan payshanbaga o‘tar kechasi boshlanganini ma’lum qildi
AQSh Eronni ketma-ket ikkinchi kecha bombardimon qildi
Foto: Getty Images

AQSH harbiylari Erondagi bir nechta nishonlarga ikkinchi oqshom ketma-ket zarba berdi. Amerika rasmiylariga ko‘ra, harbiy amaliyotdan maqsad Tehronni kelishuv imzolashga majbur qilishdir, deya xabar bermoqda Axios.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi zarbalar Toshkent vaqti bilan payshanbaga o‘tar kechasi boshlanganini ma’lum qildi. Qo‘mondonlik bayonotida amaliyot Eronning «asossiz va davom etayotgan tajovuzi»ga javob sifatida o‘tkazilgani qayd etilgan.

AQSH rasmiylaridan biri Axios’ga bergan ma’lumotida barcha nishonlar Eron janubida joylashganini bildirgan. Ular orasida havo mudofaasi tizimlari, radarlar hamda dronlarni boshqarish markazlari bo‘lgan.

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset CENTCOM shtab-kvartirasiga tashrifi chog‘ida Amerika kuchlari Eronga «qattiq zarba berishi»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington urushni qayta boshlashni emas, balki muzokaralar shartlarini belgilashni maqsad qilgan.

Prezident Donald Tramp chorshanba kuni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan harbiy variantlarni muhokama qilgan. Uchrashuvda vitse-prezident Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliff, Birlashgan shtablar qo‘mitasi raisi Den Keyn va Oq uy vakili Stiv Uitkoff ishtirok etgan.

Manbalarga ko‘ra, Tramp ko‘lam jihatidan yirik, ammo qisqa muddatli harbiy operatsiya variantini ko‘rib chiqqan. Bunday amaliyotdan maqsad Tehronni muzokaralardagi pozitsiyasini o‘zgartirishga undash bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Iordaniya Eron tomonidan uchirilgan beshta raketani tutib qolgani haqida yozgan edi.