Sport

Bibisora Assaubayevaga musobaqalarda Oʻzbekiston nomidan qatnashish taklif qilinmoqda

Qasim-Jomart Toqayevga yo‘llagan murojaatidan keyin
Bibisora Assaubayevaga O‘zbekistonda o‘ynash taklif qilindi
Foto: Bibisora Assaubayeva telegram kanali

Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Assaubayevaning moliyaviy muammolar yuzasidan prezident Qasim-Jomart Toqayevga yo‘llagan murojaati shaxmat jamoatchiligida keng muhokama qilinmoqda.

Assaubayeva xalqaro turnirlarga tayyorgarlikda mablag‘ yetishmayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Norway Chess turniriga tayyorgarlik xarajatlari asosan shaxsiy mablag‘i va ota-onasi yordami hisobidan qoplangan.

Sportchi murabbiylar, sekundantlar va tahlilchilar xizmatiga haq to‘lashda ham muammolar bo‘lganini bildirgan. U, shuningdek, 2025-yildan boshlab oylik maoshi uch barobarga qisqartirilganini aytgan.

Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi esa moliyalashtirishdagi o‘zgarishlarni yangi qonunchilik bilan izohlagan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yildan boshlab sportchilarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor sport turlari ro‘yxati asosida amalga oshirilmoqda va shaxmat ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

Shu bilan birga, vazirlik Assaubayevaga Sport Qory jamg‘armasi orqali 100 mln tenge ($205,1 ming) ajratilganini, joriy yildagi umumiy qo‘llab-quvvatlash hajmi esa 160 mln tenge ($328,2 ming) atrofida ekanini bildirgan.

Ushbu holatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar Assaubayevaga O‘zbekiston terma jamoasi safida o‘ynashni taklif qildi. Ulardan biri «Sizni O‘zbekiston terma jamoasiga taklif qilamiz», degan izohlar qoldirgan.

Mavzuga o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov ham munosabat bildirgan. U izohlarda ramziy undov belgisi qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, Bibisora Assaubayeva yaqinda Norway Chess – 2026 turnirida g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylangan edi.

Avvalroq Javohir Sindaov Ruminiyadagi nufuzli turnirda bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Turnirning to‘qqizinchi turida Sindarov amerikalik grossmeyster Uesli So bilan bahs olib bordi. Uchrashuv durang — ½:½ hisobida yakunlandi. Musobaqada germaniyalik Vinsent Kaymer birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadan AQSh vakili Fabiano Karuana joy oldi.