
G‘alla maydonlarida somonpoya qoldiqlarini yoqqanlarga jarima qo‘llaniladi . Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi g‘alladan bo‘shagan maydonlarda yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ogohlantirish berdi.
Unga ko‘ra, somon poyalari va ularning qoldiqlarini yoqishga sabab bo‘lgan huquqbuzarlar hamda yer egalari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismiga asosan javobgarlikka tortiladi. Bunda ularga bazaviy hisoblash miqdori (412 ming so‘m)ning 10 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar ham belgilanadi.
Somonpoya qoldiqlarining yoqilishi natijasida atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidlari, benz(a)piren, dioksin, dibenzofuran, oltingugurt oksidi va fosgen kabi inson salomatligiga zarar yetkazuvchi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bundan tashqari, olovning yuqori harorati tuproq tarkibidagi makro va mikroelementlarning yo‘qolishiga sabab bo‘lib, yer unumdorligini pasaytiradi.
Qayd etilishicha, «O‘zbekkosmos» agentligi davlat kosmik monitoringi dasturi doirasida somonpoyalarni yoqish holatlarini aniqlash va huquqbuzarlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ish olib bormoqda.
Qo‘mita fermerlar, dehqonlar va yer egalarini somonpoyalarni yoqish o‘rniga ularni kompost qilish, yerga haydash yoki chorvachilik ehtiyojlari uchun qayta ishlash usullaridan foydalanishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iflos havo miya faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida yozgan edik.