
Hukumat ixtirolarga patent berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini tasdiqladi. Adliya vazirligiga ko‘ra, endilikda patent olish jarayoni ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ixtiroga patent berish bo‘yicha davlat xizmati Adliya vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi.
Qanday ixtiro patentlanadi
Agar ixtiro texnika taraqqiyotining amaldagi darajasidan ma’lum bo‘lmasa, u yangi deb hisoblanadi.
Shuningdek, ixtiro sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘llanishi mumkin bo‘lsa, u amaliy foydalanishga yaroqli deb e’tirof etiladi.
Ixtiro sifatida qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, o‘simlik yoki hayvon hujayralari turlari ham tan olinadi.
Ariza qanday topshiriladi
Rezidentlar patent olish uchun Davlat xizmatlari markazlari, maxsus axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Norezidentlar esa talabnomani maxsus axborot tizimi orqali vakolatli organga yuboradi.
Talabnoma bitta ixtiroga yoki yagona ixtirochilik g‘oyasi bilan bog‘langan ixtirolar guruhiga taalluqli bo‘lishi kerak.
Yangi tartibga ko‘ra, so‘rovnomalar, xabarnomalar, davlat ekspertizasi qarorlari hamda patentlar QR-kod bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Teylor Svift sun’iy intellektdan himoyalanish uchun o‘z ovozini patentlayotgani ma’lum qilingandi. Huquqshunos Josh Gerbenning ta’kidlashicha, ushbu arizalar xonandani sun’iy intellekt xavfidan asrash uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bugungi kunda sun’iy intellekt vositalari taniqli ijrochilarning ishtirokisiz ularning realistik videolarini yaratayotgani va striming platformalarini raqamli musiqa bilan to‘ldirayotgani ko‘ngilochar sanoat uchun jiddiy muammoga aylanmoqda.