Avto

Lada Granta Qozog‘istonda yana ishlab chiqariladi

Lada Granta Qozog‘istonda yana ishlab chiqariladi
Foto: Ilya Davidovich

Rossiyaning AvtoVAZ kompaniyasiga tegishli Lada Granta modeli Qozog‘istonda yana yig‘ila boshlaydi. Budjet toifadagi avtomobil mamlakatda uch xil kuzov modifikatsiyasida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Qozog‘istondagi transport vositalari turini ma’qullash bo‘yicha mahalliy reyestrda Lada Granta uchun sertifikatlash hujjatlari e’lon qilindi. Hujjatlarga ko‘ra, avtomobil Qarag‘anda viloyatining Saran shahrida joylashgan Eurasia Tech zavodida yig‘iladi.

Eurasia Tech — yangi ishlab chiqarish maydonchasi bo‘lib, uning konveyerlari 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Korxonada nafaqat Lada Granta, balki Lada Largus modelini ham mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Largus uchun transport vositasi turini ma’qullash hujjatlari yanvar oyidayoq rasmiylashtirilgan edi.

Sertifikatlash ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda Lada Granta uchta modifikatsiyada ishlab chiqariladi. Ular sedan, standart liftbek hamda Cross qo‘shimchasiga ega ko‘tarilgan liftbek versiyalaridan iborat bo‘ladi.

Qaysi model chiqadi

Foto: Ilya Davidovich

Avtomobil uchun hozircha faqat bitta dvigatel sertifikatlangan. Gap 1,6 litrli atmosferali, 8 klapanli VAZ-11182 benzin dvigateli haqida bormoqda. Ushbu agregat 90 ot kuchi va 143 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.

Dvigatel old g‘ildiraklarga 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi orqali kuch uzatadi. Hozircha avtomatik yoki variatorli versiya haqida sertifikatlash hujjatlarida ma’lumot berilmagan.

Shu bilan birga, AvtoVAZ kelgusida ushbu dvigatelni variator bilan ham taklif qilishni rejalashtirmoqda. Shu sababli keyinchalik Qozog‘iston bozorida Lada Granta’ning variatorli talqini ham paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Eurasia Tech zavodining aniq ishga tushirilish sanasi va Lada Granta yig‘ilishi qachon boshlanishi hozircha rasman ochiqlanmagan. Biroq sertifikatlash hujjatlarining e’lon qilinishi modelni mahalliy ishlab chiqarishga tayyorgarlik bosqichi boshlanganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda Qozog‘iston avtosalonlarida Lada Granta sedanlarining 2025-yilgi versiyalari 5,7 mln tengedan, liftbeklari esa 5,9 mln tengedan taklif qilinmoqda.

Lada Granta Qozog‘istonda ilgari ham yig‘ilgan. Modelning qayta mahalliylashtirilishi mamlakatda budjet avtomobillar segmentidagi taklifni kengaytirishi mumkin. Ayniqsa narxga sezgir xaridorlar uchun Granta arzonroq va oddiy konstruksiyaga ega avtomobil sifatida qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lada Niva Sport Turbo avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.