Yangiliklar

O‘zbekistonlik mutaxassislar Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlanadi

Tomonlar migratsiya va mobillik sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan
O‘zbekistonlik mutaxassislar Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlanadi
Foto: Pexels

O‘zbekiston va Shvetsiya o‘zbekistonlik mutaxassislarni Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, tomonlar migratsiya va mobillik sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, viza tartib-taomillarini soddalashtirish, diplomatik pasport egalari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etish muhokama qilingan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Shvetsiya TIVning xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo masalalari bo‘yicha davlat kotibi Diana Yanseni qabul qildi. Uchrashuv yakunida migratsiya va mobillik sohasida sheriklik to‘g‘risida bitim hamda ushbu yo‘nalishda pilot dasturni ishga tushirish haqidagi deklaratsiya imzolandi.

Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatlarda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida qonuniy yashash, o‘qish hamda ishlash imkoniyatlarini tartibga soluvchi mexanizmlar belgilangan. Ushbu imkoniyatlar davlat tomonidan kafolatlanadigan huquqiy asoslar orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiyada haydovchilar uchun ish o‘rinlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.