Yangiliklar

Qirg‘izistonda sanksiyalar xavfi sabab 50 ta kompaniya tugatilmoqda

G‘arbiy hamkorlarning so‘roviga binoan
Qirg‘izistonda sanksiyalar xavfi sabab 50 ta kompaniya tugatilmoqda / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Qirg‘iziston hukumati xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtiroki gumon qilinayotgan 50 ta kompaniya faoliyatini to‘xtatmoqchi. Bu haqda Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vaziri Baqit Sidikov ma’lum qildi.

Mamlakat g‘arbiy hamkorlarning so‘roviga binoan yuqori sanksiya xavfiga ega operatsiyalarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin deb hisoblangan 50 ta yuridik shaxsni tugatish ishlari olib borilmoqda.

Vazirga ko‘ra, Qirg‘iziston 2023-yildan buyon AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bilan sanksiya rejimlariga rioya qilish hamda xalqaro cheklovlarni chetlab o‘tish holatlarining oldini olish masalalari bo‘yicha faol muloqotda. Mamlakat moliyaviy-iqtisodiy shaffoflikni ta’minlash va hududidan noqonuniy faoliyat yoki sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida foydalanilishining oldini olish choralarini ko‘rmoqda.

Rasmiylar virtual aktivlar va kriptovalyutalar bozoriga alohida e’tibor qaratgan. Vazirning aytishicha, raqamli moliyaviy texnologiyalar iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan birga, noqonuniy mablag‘larni legallashtirish va sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfini ham yuzaga keltiradi. Shu maqsadda Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlik ham tashkil etilgan.

Shuningdek, davlat organlari qonunchilikni FATF tavsiyalariga muvofiq takomillashtirmoqda hamda blokcheyn tranzaksiyalarini tahlil qilishning zamonaviy vositalarini joriy etmoqda. Qirg‘iziston hukumati xalqaro hamkorlar, moliyaviy institutlar va regulyatorlar bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda gumon qilingan ayrim qirg‘iz kompaniyalari ham «qora» ro‘yxatga tushgan. Jumladan, YIning 20-sanksiyalar paketi doirasida Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan TengriCoin kriptovalyuta platformasi, «Keremet Bank» va «Kapital Bank»ga nisbatan cheklovlar joriy etilgan. 2024 – 2025-yillarda esa AQSh, Buyuk Britaniya, YI va Kanada tomonidan bir qator qirg‘iz banklari, to‘lov platformalari va kriptovalyuta birjalariga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga munosabat bildirgan edi.