
Jizzax shahrida bir fuqaroning shaxsiy foto va videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, 10 million so‘m talab etgan talaba qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Toshloq mahallasida yashovchi fuqaro huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, farzandiga nisbatan noqonuniy harakat qilgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.
Aniqlanishicha, Jizzax shahrining Obod mahallasida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan va oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba jabrlanuvchiga tegishli shaxsiy foto va videolarni qo‘lga kiritgan.
Gumonlanuvchi ushbu materiallarni qarindoshlari va tanishlariga tarqatish bilan tahdid qilib, ularni oshkor qilmaslik evaziga 10 million so‘m talab etgan.
Tezkor tadbir davomida talaba talab qilingan pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Tekshiruv chog‘ida uning mobil telefonidan jabrlanuvchiga tegishli foto va videomateriallar topilgan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xivada ayolning shaxsiy tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan erkak ushlangandi. Aniqlanishicha, Xiva tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan erkak 1986-yilda tug‘ilgan ayol bilan tanishgan. U ayolning ishonchiga kirib, uning shaxsiy hayotiga oid foto va video tasvirlarni qo‘lga kiritgani aytilmoqda. Keyinchalik erkak ushbu tasvirlarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish bilan qo‘rqitgan. U ayolning ruhiy holatidan foydalanib, tovlamachilik yo‘li bilan pul va taqinchoq talab qilgan.