
SpaceX aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtiruvi minglab hozirgi va sobiq xodimlarni dollarlik millionerlarga aylantirishi mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, IPOdan so‘ng SpaceX’ning 4 mingdan ortiq oddiy xodimlari million dollardan ortiq aktivga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Yana qariyb 400 nafar xodimning aksiyalar paketi qiymati $100 mln dan oshishi mumkin. Bunday natija kompaniyaning uzoq yillik motivatsiya tizimi bilan bog‘liq. SpaceX xodimlariga yuqori maoshdan tashqari, aksiyalar va opsionlar orqali kompensatsiya berib kelgan.
Shu sababli IPOdan nafaqat top-menejerlar va muhandislar, balki yordamchi bo‘limlarda ishlagan xodimlar – oshpazlar, payvandchilar va boshqa mutaxassislar ham katta daromad olishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX IPO oldidan $1,8 trln ga baholanmoqda. Kompaniya 555,6 mln dona aksiyani har biri $135 dan taklif qilishi rejalashtirilgan. Bu joylashtiruvdan qariyb $75 mlrd jalb qilinishi mumkin. Agar bu ko‘rsatkich tasdiqlansa, IPO hajmi bo‘yicha rekord natijalardan biriga aylanishi ehtimoli bor.
Joylashtiruv tashkilotchilari sifatida Goldman Sachs, Morgan Stanley, Bank of America, Citigroup va JPMorgan Chase ko‘rsatilmoqda. Investorlar tomonidan aksiyalarga talab taxminan $150 mlrd ga yetgani aytilmoqda. Bu dastlab rejalashtirilgan $75 mlrdlik hajmdan ikki baravar yuqori.
SpaceX aksiyalari 2026-yil 12-iyundan Nasdaq birjasida SPCX tikeri ostida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» SpaceX IPO‘da aksiyalarini 135 dollardan joylashtirmoqchiligi haqida yozgan edi.