
O‘zbekistonda Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu masala Koreya Respublikasida Hyundai Rotem kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Joriy yil 10-iyun kuni Koreyada «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev hamda Hyundai Rotem kompaniyasi prezidenti Lee Yong Bae o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ uchun ishlab chiqarilayotgan «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdini yetkazib berish loyihasi muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur loyiha belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumot almashdi. Ushbu elektropoyezd O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi temiryo‘l qatnovlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 8 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdni yetkazib berish loyihasi bo‘yicha texnik shartlarni yakuniy kelishish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda har uchinchi yo‘lovchi poyezd chiptasisiz qolayotgani haqida yozgan edi.