
Toshkentda ijara narxi 2026-yil may oyida $550 darajasida saqlanib qoldi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida ma’lum qilindi.
Bu aprel oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil, 2025-yilning may oyiga nisbatan esa 10 foizga yuqori. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida ma’lum qilindi.
Tahlilga ko‘ra, may oyida ijara bozorida narxlar umumiy darajada barqaror bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, takliflar soni sezilarli qisqargan. Toshkent shahrida ijara e’lonlari soni 18,1 mingtaga tushgan. Taqqoslash uchun, aprel oyida bu ko‘rsatkich 22,8 mingtani tashkil etgan edi. Ya’ni bir oy ichida takliflar soni qariyb 21 foizga kamaygan.

2026-yil yanvar – mart oylarida Toshkent ijara bozoridagi takliflar soni o‘rtacha 22,6 ming atrofida bo‘lgan. Aprelda ko‘rsatkich 22,8 mingtaga yetgan bo‘lsa, may oyida keskin pasayib, 18,1 mingtani tashkil etdi. Bu bozorda faollikning kamaygani yoki mavjud takliflar qisqarganini ko‘rsatadi. Ijara takliflari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani yetakchi bo‘ldi.
May oyida Toshkentdagi ijara e’lonlarining 16,9 foizi aynan ushbu tumanga to‘g‘ri kelgan. Undan keyingi o‘rinlarda Mirobod tumani 12,9 foiz va Yunusobod tumani 12,6 foiz ulush bilan qayd etilgan. Ushbu uchta tuman jami takliflarning 42,4 foizini qamrab olgan.
Narxlar nima deydi

Narxlar kesimida esa Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlari poytaxtdagi eng qimmat hududlar sifatida ajralib turibdi. Institut tahliliga ko‘ra, ayniqsa 3 xonali hamda 4 va undan ortiq xonali uylar segmentida qimmat va arzon hududlar o‘rtasidagi tafovut ikki barobardan ham yuqori.
Bir xonali uylar bo‘yicha eng yuqori median narx Mirobod tumanida kuzatilgan va $600 ni tashkil etgan. Olmazor, Sergeli hamda Uchtepa tumanlarida esa bunday xonadonlar ijarasi $350 atrofida bo‘lgan. Ikki xonali uylar Mirobod va Shayxontohur tumanlarida $700, Sergeli va Uchtepada esa $400 darajasida shakllangan.
Uch xonali xonadonlarda narx tafovuti yanada sezilarli. Mirobod va Shayxontohur tumanlarida bunday uylar ijarasining median narxi $1000 ni tashkil etgan bo‘lsa, Sergeli va Uchtepada $450 atrofida bo‘lgan. To‘rt va undan ortiq xonali uylar segmentida Mirobodda median narx $1150, Yakkasaroyda $1100 bo‘lgan. Nisbatan arzon hududlarda esa bu turdagi xonadonlar $500 – 550 oralig‘ida taklif qilingan.
Bozorda talab qanday uylarda

Bozorning asosiy qismini ikki xonali xonadonlar tashkil qilishda davom etmoqda. May oyida ijara e’lonlarining 59,6 foizi ikki xonali uylarga to‘g‘ri kelgan. Uch xonali xonadonlar ulushi 26 foizni tashkil etgan. Ikki va uch xonali uylar jami takliflarning qariyb 86 foizini egallagan. Bir xonali xonadonlar ulushi 10,9 foiz, to‘rt va undan ortiq xonali uylar ulushi esa 3,5 foiz bo‘lgan.
Xona soni bo‘yicha narx dinamikasi turlicha shakllangan. Bir xonali xonadonlarda median ijara narxi $400 bo‘lib, yillik o‘sish 14,3 foizni tashkil etgan. Ikki xonali uylar bo‘yicha median narx $500 darajasida qolgan va yillik o‘zgarish kuzatilmagan. Uch xonali xonadonlarda ham median narx $700 bo‘lib, o‘tgan yildagiga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. To‘rt va undan ortiq xonali segmentda esa median narx $800 ni tashkil qilib, yillik hisobda 20 foizlik pasayish qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.