Avto

Volkswagen ID. Era 8X gibrid avtomobili qachon chiqadi

Volkswagen ID. Era 8X gibrid avtomobili qachon chiqadi
Foto: MIIT

Volkswagen tomonidan Xitoy bozori uchun yangi Volkswagen ID. Era 8X gibrid avtomobili tayyorlanmoqda. Avtomobil nemis ishlab chiqaruvchisi va Xitoyning SAIC kompaniyasi hamkorligida yaratilgan ID. Era oilasiga kiradi.

Yangi model haqida ilk ma’lumotlar Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligining sertifikatlash hujjatlarida paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, Volkswagen ID. Era 8X’ning ilk suratlarini ham namoyish etdi.

ID. Era 8X tashqi ko‘rinishi bo‘yicha kattaroq ID. Era 9X modeliga juda o‘xshaydi. Biroq yangi krossoverda biroz boshqacha bamperlar, o‘ziga xos g‘ildirak disklari va yashirin eshik tutqichlari o‘rniga an’anaviy tutqichlar qo‘llangan.

Foto: MIIT

O‘lchamlari bo‘yicha ID. Era 8X 9X’dan ixchamroq bo‘ladi. Krossover uzunligi 5020 mmni tashkil etadi, bu katta modeldan 180 mmga qisqa. G‘ildirak bazasi esa 2970 mm bo‘lib, 9X’nikidan 100 mmga kichik. Avtomobilning vazni 2485 kg deb ko‘rsatilgan.

Besh o‘rindiqli ID. Era 8X 1,5 litrli benzinli dvigatel va ikkita elektromotordan iborat gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Ichki yonuv dvigateli 143 ot kuchi ishlab chiqaradi. Ikki elektromotorning umumiy quvvati esa 503 ot kuchiga teng bo‘ladi.

Texnik xususiyatlari

Model uchun ikki xil akkumulyator sertifikatlangan. Boshlang‘ich versiyalar 51,1 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Bunday talqin faqat elektr tortish kuchida 340 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.

Foto: MIIT

Qimmatroq versiyalar esa 65,2 kVt/soat sig‘imli akkumulyator oladi. Bu batareya bilan avtomobil ichki yonuv dvigatelisiz 400 kmgacha harakatlana oladi. Umumiy yurish zaxirasi versiyaga qarab 1400 km va 1500 km atrofida bo‘lishi aytilmoqda.

Volkswagen ID. Era 8X qachon sotuvga chiqishi hozircha ma’lum qilinmagan. Uning narxi ham ochiqlanmagan. Biroq model kattaroq ID. Era 9X’dan arzonroq bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda Volkswagen va Foton avtomobil zavodlari ishga tushirilishi haqida yozgan edi.