Yangiliklar

Andijon va Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
Andijon va Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi
Foto: Departament

Andijon viloyati va Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Izboskan tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro 2 dona «Tropikamid» va 1 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Tadbir davomida ushbu dori vositalarini unga yetkazib bergan shaxsning xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan. Aniqlanishicha, muqaddam sudlangan ushbu shaxsning uyidan 22 dona «Tropikamid» va 37 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Toshkent shahrining Bektemir tumanida ham shunga o‘xshash holat fosh etilgan. Departamentning Bektemir tumani bo‘limi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda shubha ostiga olingan fuqaro ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv vaqtida u 92 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida olib ketayotgani aniqlangan.

Mazkur dorilar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoroda 188,2 mln so‘mlik sifatsiz dorilar savdosining oldi olingani haqida yozgan edi.