Avto

Chevrolet Bolt 2027 qulayroq va tezroq bo‘ldi

Chevrolet Bolt 2027 qulayroq va tezroq bo‘ldi
Foto: Chevrolet

Chevrolet Bolt 2027 elektromobili yangilangan ko‘rinishda bozorga qaytdi. Model avvalgidek AQSh bozorida nisbatan arzon elektromobil sifatida joylashtirilmoqda.

Yangi Bolt avvalo yurish masofasi va quvvatlanish imkoniyati bilan yaxshilangan. Elektromobil 65 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyatoriga ega bo‘ldi. EPA standarti bo‘yicha u bir quvvat bilan 262 mil, ya’ni taxminan 422 kilometr yo‘l bosishi mumkin. Tezkor quvvatlash quvvati 150 kVtgacha yetadi, batareyani 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish esa taxminan 26 daqiqa vaqt oladi. Avvalgi Bolt uzoq masofaga safarlarda unchalik qulay hisoblanmagan bo‘lsa, yangi avlod bu borada ancha yaxshilangan.

Elektromobil dinamikasi ham yomon emas. Old o‘qqa o‘rnatilgan elektr motor 214 ot kuchi va 229 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Chevrolet Bolt RS 0 dan 60 mil/soatgacha, ya’ni qariyb 97 km/soatgacha 6,8 soniyada tezlanadi. Sinov muallifiga ko‘ra, avtomobil shahar ichida ham, trassada ham yetarlicha chaqqon harakatlanadi. Uzunligi 4,31 metr atrofida bo‘lgani sababli uni tor joylarda boshqarish va parkovka qilish oson, biroq saloni kutilganidan kengroq chiqqan.

Modelning yana bir kuchli tomoni sifatida salonda mayda buyumlar uchun qulay joylar va Google Built-in tizimiga ega multimedia majmuasi qayd etilgan. Bunday yechim haydovchiga navigatsiya, ovozli boshqaruv va boshqa raqamli xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi.

Modelning kamchiliklari

Shu bilan birga, Chevrolet Bolt RS 2027 kamchiliklardan ham xoli emas. Sinovda elektromobil yomon yo‘llarda biroz qattiq yurishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, salon bezagida ko‘p miqdorda qattiq plastik ishlatilgani va orqa qism oddiyroq ko‘rinishi avtomobilning byudjet segmentiga mansubligini eslatib turadi.

Yana bir muhim jihat — GM’ning yangi elektromobillarida Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilining afzalliklari va kamchiliklari haqida yozgan edi.