
Sirdaryo viloyatida yer maydoni ajratib berish evaziga $50 ming miqdorda pora talab etganlikda gumon qilingan hokimlik xodimi ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xodim shaharning O‘zbekiston shoh ko‘chasida joylashgan, davlat zaxirasidagi 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat do‘koni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali olib berishni va’da qilgan va buning evaziga $50 ming talab qilgan.
Aniqlanishicha, talab qilingan mablag‘ning bir qismi sifatida fuqaroning «Lasetti» avtomobili $12 mingga baholanib, boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirilgan holda olib qolingan. Keyinchalik o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimlik xodimi talab qilingan pulning yana $8 mingni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda ishga joylashtirishni va’da qilgan soxta prokuror ushlangan edi.