Yangiliklar

O‘zbekistonda ish tashlash tartibi belgilandi: kimlar qatnasha olmaydi va qanday javobgarlik bor

Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi
O‘zbekistonda ish tashlash tartibi belgilandi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda jamoaviy mehnat nizolarini hal qilish va ish tashlashlarni tashkil etish tartibini belgilovchi yangi normalar qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Ish tashlash uchun asoslar

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1150-son, 2026-yil 11-iyun) bilan Mehnat kodeksiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Ish tashlash qanday e’lon qilinadi

Ish tashlashda ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki undan bosh tortishga majbur qilinishi mumkin emas.

Ish tashlashni e’lon qilish haqidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan ko‘prog‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda qabul qilinadi. Qaror ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinishi kerak.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlash e’lon qilingani haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Ish beruvchi esa bildirishnomani olganidan keyin bir ish kuni ichida jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart.

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Ish tashlash vaqtida xodimlarning huquqlari

Qonunga ko‘ra, ish tashlash jarayoniga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi. Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi.

Shuningdek, ish tashlash vaqtida unda qatnashayotgan xodimning ish joyi va lavozimi saqlab qolinadi. Biroq ish beruvchi xodimga ish tashlash davrida ish haqi to‘lamaslik huquqiga ega.

Ish tashlash qachon cheklanishi mumkin

Agar ish tashlash insonlar hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish xavfini tug‘dirsa yoki tinchlik, xavfsizlik, jamoat tartibi hamda ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sud qaroriga asosan ish tashlashning boshlanishi 30 kalendar kundan oshmagan muddatga kechiktirilishi yoki xuddi shunday muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Kimlarga ish tashlash taqiqlanadi

Qonunchilikka ko‘ra, favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar davrida, urush holati vaqtida hamda umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash o‘tkazish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, quyidagi toifadagi shaxslarning ish tashlashda ishtirok etishi mumkin emas:

  • Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar;
  • tibbiyot xodimlari;
  • harbiy xizmatchilar;
  • sudyalar;
  • sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvon yoki malaka darajasiga ega xodimlari;
  • energetika va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari;
  • aloqa tizimi xodimlari.
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Noqonuniy ish tashlash nima

Mehnat kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda ish tashlash o‘tkazilgan yoki uni e’lon qilish haqida qaror qabul qilingan bo‘lsa, bunday holat noqonuniy ish tashlash deb topiladi.

Qanday javobgarlik belgilandi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mehnat qonunchiligida ish tashlash taqiqlangan hollarda unda ishtirok etish bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilgan shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.

Jinoiy javobgarlik ham joriy etildi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek, fuqarolarni ish tashlashda qatnashishga yoki qatnashmaslikka majburlash, agar bunday harakatlar uchun ilgari ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa:

  • BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima;
  • 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Qonun qachondan kuchga kiradi

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ixtiro uchun patent qanday olinishi haqida yozgan edik.