
Qashqadaryo viloyatida soxta prokuror sifatida fuqaroni ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida zaxiradagi kichik serjant qo‘lga olindi. U fuqaroga o‘zini go‘yoki Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirgan. Shundan so‘ng zaxiradagi kichik serjant fuqaroning ukasini $3 ming evaziga Mudofaa vazirligi tizimiga ishga joylashtirib berishini, buning uchun vazirlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlaridan foydalanishini aytgan.
Tezkor tadbir vaqtida zaxiradagi kichik serjant kelishilgan pul mablag‘larining bir qismi sifatida $1,5 mingni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish jinoyatiga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etilgan edi.