
Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi birlamchi ommaviy joylashtiruv orqali $75 mlrd jalb qildi. Bu IPO hajmi bo‘yicha tarixdagi eng yirik ko‘rsatkich bo‘ldi.
Kompaniya Nasdaq birjasida 555,6 mln dona aksiyani har biri $135 dan joylashtirdi. Ushbu narx bo‘yicha SpaceX’ning umumiy bahosi $1,77 trlnga yetdi. Shu tariqa, kosmik kompaniya dunyodagi eng qimmat kompaniyalar o‘ntaligiga kirishi mumkin.
SpaceX IPO‘si avvalgi rekordni ikki baravardan ko‘proqqa ortda qoldirdi. Bungacha eng yirik IPO Saudi Aramco neft kompaniyasiga tegishli edi. Saudiya Arabistoni kompaniyasi 2019-yilda birjaga chiqish orqali $29 mlrdga yaqin mablag‘ jalb qilgan.
SpaceX aksiyalari savdosi 12-iyun, juma kuni Nasdaq va Nasdaq Texas birjalarida SPCX tikeri ostida boshlanishi kutilmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, IPO‘dan keyin kompaniya AQShda birjada savdo qilinadigan eng qimmat kompaniyalar orasida yettinchi o‘ringa chiqadi.
Kompaniya IPO oldidan aksiyalar narxini o‘zgartirmadi. Odatda kompaniyalar birjaga chiqishdan avval narx diapazonini e’lon qiladi va investorlar talabiga qarab yakuniy narxni belgilaydi. SpaceX esa boshidanoq bitta narx — $135 ni ko‘rsatgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, SpaceX aksiyalariga talab taklifdan to‘rt baravardan ko‘proq yuqori bo‘lgan. Anderrayterlarda IPO narxida qo‘shimcha 83,33 mln dona aksiyani sotib olish huquqi mavjud. Agar ular ushbu imkoniyatdan foydalansa, jalb qilingan umumiy summa $86,2 mlrdgacha oshishi mumkin.
Ilon Mask birinchi trillioner bo‘ladimi

IPO‘dan keyin ham Ilon Mask kompaniya ustidan nazoratni saqlab qoladi. U B toifasidagi aksiyalar orqali ovoz berish huquqlarining asosiy qismini o‘zida qoldirgan. Bu turdagi aksiyalar har bir dona uchun 10 ta ovoz beradi, A toifasidagi aksiyalarda esa bitta ovoz mavjud.
Mask IPO doirasida o‘z aksiyalarini sotmagan. Uning SpaceX’dagi ulushi $ 866 mlrddan ortiq baholanmoqda. Bu esa tadbirkorning umumiy boyligi bo‘yicha «qog‘ozda» dunyodagi ilk trillionerlardan biriga aylanishi mumkinligi haqidagi baholarga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SpaceX IPO‘si minglab xodimlarni millioner qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.