Gadjetlar

Telegram endi Wear OS aqlli soatlarida ham ishlaydi

Dastur Google Play orqali yuklab olish uchun mavjud
Telegram endi Wear OS aqlli soatlarida ham ishlaydi / Foto: Android Authority

Telegram endi Apple Watch’dan tashqari Wear OS operatsion tizimida ishlovchi aqlli soatlar uchun ham taqdim etildi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov o‘z sahifasida ma’lum qildi.

Qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalar qatoriga Samsung’ning Galaxy Watch, Google’ning Pixel Watch hamda Xiaomi Watch modellari kiradi. Ilovani Google Play orqali yuklab olish mumkin.

Platforma Google Play Store orqali turli ilovalarni, jumladan xaritalar, musiqa servislari, fitnes dasturlari va messenjerlarni o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlaydi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/wear-os.mp4
Video Telegram / Pavel Durov

Shuningdek, Telegram’ning iOS va Android versiyalari ham yangilandi. Yangi funksiyalar qatorida botlar uchun matnni formatlash, so‘rovnomalarga havola qo‘shish, .md kengaytmali fayllarni qo‘llab-quvvatlash hamda havolalarni ichki yoki tashqi brauzer orqali ochish imkoniyati mavjud.

Wear OS — Google tomonidan Android bazasida ishlab chiqilgan aqlli soatlar uchun operatsion tizim hisoblanadi. U foydalanuvchilarga bildirishnomalarni qabul qilish, xabarlarga javob berish, qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, jismoniy faollikni kuzatish va ovozli yordamchidan bevosita bilak orqali foydalanish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Durov Telegram Apple Watch uchun ham ishga tushirilganini e’lon qilgan edi.