
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yo‘l harakati qoidalarini buzib, bir nechta transport vositalariga shikast yetkazgan haydovchi harakatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt IIBB ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hodisa 11-iyun kuni soat 21:34 atrofida Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘ziga tegishli Cobalt rusumli avtomashina boshqaruvida yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda harakatlanib, atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
Qayd etilishicha, hududda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi harakatni davom ettirgan. Natijada u bir nechta avtomashinalarga texnik shikast yetkazgan.
Tezkor chora-tadbirlar davomida ushbu fuqaroning boshqa fuqarolarga zarar yetkazishining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tabel qurolidan foydalanilgan. Ogohlantirish berilgach, avtomashina g‘ildiragiga o‘q uzilib, transport vositasi to‘xtatilgan va haydovchining noqonuniy harakatlariga barham berilgan.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida ro‘yxatda turadi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan. Holat Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki yigit halok bo‘lgan edi.