Yangiliklar

Shahrisabzda tez oqar kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarildi

FVV xodimlari qariyb 100 metr oqib ketgan shaxsni maxsus anjomlar yordamida suvdan olib chiqdi
Foto: FVV

Shahrisabz tumani hududida tez oqar kanalga ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan fuqaro qutqaruvchilar tomonidan qirg‘oqqa tortib olindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Hodisa 12-iyun kuni soat 14:40 lar atrofida yuz bergan. Fuqaro suv oqimi ta’sirida qariyb 100 metr masofaga oqib borib, kanal bo‘yidagi shox-shabbalarga ilinib qolgan.

Foto: FVV

Holatni «Zebiniso» bolalar oromgohida yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun biriktirilgan harbiy xizmatchi oddiy askar Sh. Boboyev payqab qolgan. U zudlik bilan Shahrisabz tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar bergan.

Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar maxsus anjomlar yordamida fuqaroni kanalning qarama-qarshi qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib o‘tgan va zarur amaliy yordam ko‘rsatgan. Tezkor harakatlar natijasida fuqaroning hayoti saqlab qolingan bo‘lib, hozirda uning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.