
Chevrolet 2027-yilgi Traverse krossoverining interyeriga bir qator o‘zgartirishlar kiritmoqda. Yangilanishlar avtomobil salonining umumiy dizayniga ta’sir qilmasa-da, ayrim komplektatsiyalarda yangi rang va materiallar qo‘llaniladi.
Z71 versiyasida avval taklif etilgan Jet Black va Torch Red tikuvli salon o‘rnini Jet Black hamda Oregon ranglari uyg‘unligi egallaydi. Oregon tabiiy och jigarrang tus sifatida tavsiflanmoqda va avtomobil ichki qismiga yanada iliq ko‘rinish beradi. Ushbu komplektatsiyada Evotex sintetik qoplamasi saqlab qolinadi.
RS versiyasi esa sport uslubidagi Jet Black va Torch Red kombinatsiyasini saqlab qoladi. Biroq bu modelda perforatsiyalangan charm o‘rindiqlar bekor qilinib, ularning o‘rniga yanada premium hisoblangan Evotex Ultra materiali qo‘llanadi.
Eng katta o‘zgarishlar High Country komplektatsiyasida kuzatiladi. Avval xaridorlarga ikkita rang varianti taklif etilgan bo‘lsa, endilikda faqat Jet Black va Natural Tan kombinatsiyasi qoladi. Bu versiyada ham Evotex Ultra qoplamasidan foydalaniladi.
LT komplektatsiyasida esa interyer ranglari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Chevrolet hozircha yangi salon variantlarining rasmiy suratlarini e’lon qilmagan. Shu bois Oregon va Natural Tan ranglari Traverse ichki qismida qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi keyinroq ma’lum bo‘ladi.
Mazkur yangilanishlar 2027-yilgi Traverse uchun tayyorlangan boshqa o‘zgarishlar – yangi kuzov ranglari, kameralar tizimi va g‘ildirak dizaynlaridagi yangiliklardan keyin e’lon qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Bolt 2027 qulayroq va tezroq bo‘lishi haqida yozgandi.