Yangiliklar

30 yildan oshgan avtomobillardan har yili 12 mln so‘mdan ziyod pul undirish taklif etilmoqda

2027-yil 1-yanvardan boshlab
Foto: Transport vazirligi

O‘zbekistonda foydalanish muddati o‘tgan transport vositalarini utilizatsiya qilishning yangi tizimi ishlab chiqildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, eski avtomobillar egalari uchun ekologik kompensatsiya to‘lovi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihada 2027-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan avtomobillar egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida, ya’ni 12,36 million so‘m ekologik to‘lov to‘lashi taklif etilgan.

Yangi tizim bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab 2026-yildan yengil avtomobillar, 2027-yildan avtobuslar, mikroavtobuslar va yuk mashinalari, 2030-yildan esa barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari ushbu tartibga qamrab olinadi.

Hujjatga ko‘ra, ekologik talablarga javob bermaydigan va «zararli» toifaga kiritilgan avtomobillarni foydalanishda saqlash hamda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish cheklanadi. Bunday transport vositalari davlat ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin. Mazkur talablar antikvar avtomobillarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Eskirgan avtomobillarni qabul qilish va utilizatsiya qilish jarayonlari yagona elektron platforma orqali boshqariladi. Avtomobil egalari transport vositasini topshirgan taqdirda pul kompensatsiyasi, yangi avtomobil xarid qilish uchun elektron vaucher yoki boshqa rag‘batlantirish choralarini olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, utilizatsiya tizimi doirasida avtomobil chiqindilarini qayta ishlash, ikkilamchi mahsulotlar ishlab chiqarish va «nol chiqindi» tamoyilini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.

Qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamalari 28-iyunga qadar davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qo‘pol qoidabuzarlar avtomobildan vaqtincha ayrilishi mumkinligi haqida yozgandi.