Yangiliklar

FVV: Buxoro va boshqa hududlarda kuzatilgan chigirtkalar to‘dasi xavf tug‘dirmaydi

Kuzatilayotgan holat chigirtkalarning har yili takrorlanadigan mavsumiy ko‘chishi bilan bog‘liq
Foto: Videodan olindi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hamda mamlakatning ayrim hududlarida chigirtkalar to‘dasi paydo bo‘lgani aks etgan videolar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy izoh berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kuzatilayotgan holat chigirtkalarning har yili takrorlanadigan mavsumiy ko‘chishi bilan bog‘liq bo‘lib, u mahalliy xarakterga ega. Hozircha qishloq xo‘jaligi ekinlari va mahsulotlariga zarar yetgani qayd etilmagan.

FVV mutaxassislari vaziyat doimiy nazorat ostida ekanini ta’kidlab, aholini asossiz xavotirga berilmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, har yili mavsum boshlanishidan oldin va mavsum davomida hududlarda chigirtkalarga qarshi profilaktik hamda kimyoviy ishlovlar olib borilishi ma’lum qilindi. Bu jarayonlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorlik qilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri 2025-yilda O‘zbekistondagi 608 ming gektar maydonga chigirtka tarqalishi mumkinligi haqida yozgandi.