Yangiliklar

Senat Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni qayta ishlashga jo‘natdi

Ayrim normalar qo‘shimcha aniqlashtirish va qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi qayd etildi
Oliy Majlis
Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senati Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishga doir Konstitutsiyaviy qonunni ma’qullamadi va hujjatni takomillashtirish uchun Qonunchilik palatasiga qaytardi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Senatorlar muhokama davomida qonun loyihasi mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy kapitalni jalb qilish va zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayrim normalar qo‘shimcha aniqlashtirish va qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi qayd etildi.

Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi faoliyati, sudyalarga qo‘yiladigan talablar, arbitraj ishlari va ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rib chiqish vakolatlari yuzasidan savollar o‘rtaga tashlandi. Ayrim senatorlar ushbu masalalarni yanada aniq belgilash investorlar huquqlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Qonun loyihasida moliya markazi rezidentlariga qator yengilliklar, jumladan, xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni jalb etish va viza olish tartiblarini soddalashtirish nazarda tutilgan.

Yalpi majlis yakunida hujjatni takomillashtirish maqsadida Senat va Qonunchilik palatasi vakillaridan iborat maxsus kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Komissiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qonun loyihasini qayta ishlab chiqadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilariga 5 yillik maxsus viza berilishi haqida yozgandi.