
16–18-iyun kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxtning forum tadbirlari bo‘lib o‘tadigan hududlariga tutash ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, quyidagi hududlarda harakatga cheklovlar joriy etiladi:
- Islom Karimov ko‘chasining Sharof Rashidov ko‘chasi bilan kesishmasidan Furqat ko‘chasigacha bo‘lgan qismi;
- Yangi O‘zbekiston ko‘chasining sobiq TAPOiCh yo‘l o‘tkazgichi hududidan D012 (4R-12) avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismi;
- Islom sivilizatsiyasi markazi majmuasiga tutash hududlar, jumladan Abdulla Qodiriy ko‘chasining Sharof Rashidov ko‘chasi bilan kesishmasidan Qorasaroy va Nurafshon ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan qismi.





Haydovchilarga muqobil yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etildi. Cheklovlar favqulodda va tezkor xizmatlar transport vositalariga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, 16–18-iyun kunlari Toshkent shahriga yuk avtomobillarining kirishi ham vaqtincha taqiqlanadi. Yuk tashuvchi transport vositalari Toshkent viloyati hududidagi aylanma yo‘llar orqali harakatlanishi kerak bo‘ladi.
Poytaxt aholisi va haydovchilardan yo‘l harakatini oldindan rejalashtirish hamda vaqtinchalik cheklovlarni inobatga olish so‘ralmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasining bir qismi 8-iyungacha yopilishi haqida yozgandi.